O'zbekiston engil atletika federatsiyasiga yangi rais saylandi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 13
Bugun Milliy Olimpiya qo'mitasida O'zbekiston engil atletika federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi bo'lib o'tdi.
Unda terma jamoaning Parij-2024 yozgi Olimpiya o'yinlariga olib borayotgan tayyorgarligi ko'rib chiqilib, federatsiya boshqaruviga yangi rais saylandi.
Tadbirda Sport vazirining o'rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, mamlakat engil atletika federatsiyasi mutasaddilari va Ijroiya qo'mita a'zolari ishtirok etishdi.
Dastavval, federatsiya Bosh kotibi Kamoliddin Ro'zimuhammedov O'zbekiston terma jamoasining Parij-2024 yozgi Olimpiya o'yinlariga olib borayotgan tayyorgarligi yuzasidan hisobot berdi. Shundan so'ng kun tartibidagi asosiy masalalar ko'rib chiqildi.
Unda federatsiya raisi lavozimida ishlab kelgan Mehriddin Abdullaevning o'z xohishiga ko'ra lavozimini tark etishi haqida yozgan arizasi ishtirokchilar tomonidan qanoatlantirildi. Shundan so'ng Ijroiya qo'mita tavsiyasiga binoan federatsiya rahbarligiga “O'zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Sidiqov Bahodir Bahromovich nomzodi ilgari surildi.
Oybek Omilovich nomzod haqida o'z fikrlarini bildirar ekan, uning sportsevar inson sifatida yaxshi nom qozongani, ommaviy sport va sog'lom turmush tarzini qo'llab-quvvatlash masalasida jonbozlik ko'rsatib kelayotgani va kelgusida yurtimizda engil atletika rivojini yangi bosqichga ko'tara olishiga shubha qilmasligini bildirdi. Delegatlar nomzodni bir ovozdan ma'qullashdi va Bahodir Sidiqov O'zbekiston engil atletika federatsiyasining yangi raisi etib saylandi.
So'z olgan B.Sidiqov mas'uliyatli vazifani bajarishga kirishar ekan, bildirilgan ishonchni oqlashga, yaqinlashib kelayotgan Parij-2024 yozgi Olimpiya o'yinlarida terma jamoamiz atletlarining munosib tayyorgarlik ko'rishi va ishtirok etishi uchun bor kuch-g'ayratini ishga solishga va'da berdi. O'z navbatida, Shahrullo Mahmudov hamda Bahodir Maxsitov Bahodir Bahromovichni yangi faoliyatida ham omad tilab, hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Shuning bilan, O'zbekiston engil atletika federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi o'z ishini yakunladi.
Manba: olympic.uz